эртак
Yaqin o’tgan zamonda o’zimizning tomonda, bir tantiq malika yashagan ekan. Malika ertalabdan kechgacha kichik ko’zgusini qo’lidan qo’ymay, xusniga mahliyo bo’lib kun o’tkazgani uchun orqavarotdan Tannoz laqabi bilan siylangan ekan.
– Malikam, dars boshlandi ustozingiz sizni kutib qoldilar!-deb, kirgan kanizagiga qo’lidagi tarog’ini otib baqirar ekan:
– Dars, dars jonga tegdi hammasi! Senga necha marotaba aytdim, bandligimda halaqit berma deb!
– Axir malikam, tushunsangizchi, mamlakatning eng dono ahli donishlaridan bilim olishingiz eng muhim vazifangiz, buni shoh otangiz aytganlar!
Malikaning badtar jazavasi qo’zibdi:
– Otamga borib ayt, men bugundan boshlab o’qimayman. Saltanat sehrgarining uchar qovunida kelajakka sayohatga chiqaman!
Saltanat sehrgarining uchar qovuni juda g’aroyib ekan. U oltin palakda o’sib, mo’jizakor tovlanardi. Bir suf bilan qanotlari paydo bo’lsa, ikkinchi sufda tars yorilib malikaganing xizmatiga shay turar ekan. Qovunning shirasi yoqilgi vazifasini bajarsa, ichidagi urug’larini bosib istagan zamonga sayohat qilish mumkin ekan.
Tannoz darsdan qochib, sehrli qovunda o’tmishga borib , ota-bobolari yashagan davrlarni o’z ko’zi bilan ko’rib qaytgan ekan. Saltanat o’tmishda ham juda chiroyli, obod va salobatlik ekan. U endi saltanat qiyofasini kelajakda ham bir ko’rib kelish istagida ekan.
Podshoh ilm olishni butkul xushlamaydigan, beodob qizining erkaliklaridan charchagani bois bu safar qo’l siltabdi:
– E, o’qimasa o’qimas! Uni har kuni yalinib darsga chaqirishadi, ustozlarini xurmat qilmaydi! Kitobni-ku qo’liga ham olmaydi. Ko’zgu uning eng yaqin qadrdoni. Hayronman, onasi malika E’zoz aqlli, oqila bo’lgani uchun el aro e’zozda edi. Tannoz esa uning aksi.
-E, qaerga borsa boraversin!- debdI, jahli chiqib.
Suyukli rafiqasi shu yolg’iz qizini dunyoga keltiraman deb vafot etgandi.Essiz,essiz… O’limidan oldin podshohga vasiyat qilgandi.
– Qizimizga Mumtoz deb ism qo’ying. Shohjahonning oqila yori Mumtoz Mahalday dilbar va ma’rifatli bo’lsin!
Shoh dono rafiqasini tuproqqa qo’ygach, qayta uylanmabdi. Malika E’zozning xotiralari bilan yashab, qizi bilan ovunibdi. Mumtoz uchun saltanatda hamma narsa muhayyo edi. Shoh otasi “qizim eng go’zal koshonada voyaga etishga munosib” deya unga alohida muhtasham ko’shk soldirib Yakkasaroy degan nom beribdi. Yakkasaroy ichida shohona kutubxona va etti iqlimga doston maktab ham joylashgani bilan shuhrat qozonibdi. Ammo shunday qulay va shohona sharoitda ham malika tantiq bo’lib ulg’aya boshlabdi. Halq orasida bilim o’chog’i sifatida nom qozongan Yakkasaroyning obro’si, vaqt o’tishi bilan o’qishni suymaydigan malika tufayli tushib ketdi. Qo’lidan ko’zgu tushmaydigan Mumtoz nomi Tannozga o’zgarib, bu malikaga ham yoqib tushdi.
Xullas malika zamonlararo ucha oladigan qovun ichiga kirib, yaxshilab o’rindiqqa joylashib olgach, sehrli tugmachani bosib pichirlab niyat qilgach, qovoq ko’kka parvoz etibdi. Hech qancha vaqt o’tmay erga qo’nib, eshiklari ochilibdi.
Malika Tannoz atrofga alanglab qaerga kelganini bilmay qolibdi. Chor tomonga alanglab o’z saltanati emas begona bir mamlakatning kelajagiga kelib qolganiga amin bo’libdi. Xarob go’shalar, qurigan ariqlar, gullari so’lib bitgan gulzorlar, to’kilib yotgan obidalarni ko’rib dili g’ash tortibdi.
-Dunyoda turli mamlakatlar bor-da, bizning saltanat gullab-yashnamoqda, bunisi esa biyday cho’l. Podshohi otamga o’xshaganida bor-mi, bir parcha erini ham gulistonga, bog’i- bo’stonga aylantirib yuborar edi. Ahvolni qarang, shu erlarda ham odam yashashi mumkin-mi,- deya o’ylanib qolibdi.
Atrofga alangab kichik bir kulbachaga ko’zi tushib, eshikni taqillatibdi. Ichkaridan chiqqan ozg’in kampir mehmonni ichkariga chorlabdi. Kulba ichi nihoyatda g’arib, mezbonnig turmush tarzi ham shunga yarasha ekan. Kampir xontaxta ustida turgan ochiq kitoblarni yig’ishtirib, dasturxon yozibdi.
– Urinmang,- debdi malika Tannoz yamoq solingan dasturxonga irganib nazar tashlab,- mening qornim to’q! Yaxshisi bu qanday mamlakat ekanini tushuntirib bering, men juda olisdan tashrif buyurdim.
-E-ex, hamma bu saltanatdan to’rt tomonga qochib ketayotganda sen mehmon bo’lib keldingmi? Bu go’shalarni xudo urgan qizim!
– Caltanat hukmdori johilmi, momo?-debdi malika.
– Mamlakatni bitta johil hukmdor idora qilsa mayli, bu saltanat to’rt taxtli bo’lib, to’rtta bir- biridan zolim podshohi bor!
-Qanaqasiga,- ajablanibdi malika,- bir yurtni to’rt kishi boshqara oladimi?
Kampir to’rt hukmdorli saltanat haqida gapirib beribdi. Uning aytishicha, avval bu joylar juda obod bo’lgan. Halqi boy va farovon yashab, tinchlik, xalovat va saodat maskani bo’lgan. So’ng…Kampir hikoyasining shu joyiga kelganda gapini yo’qotib, yig’lab yuboribdi.
-Yig’lamang ona davom eting,- debdi malika.
– Co’ng zamonlar o’zgarib, yurt taxtiga shohning qizi, nodon bir ayol o’tiribdi. U o’taketgan toshbag’r, o’zidan boshqasini o’ylamay, ulus bilan murosa qilmay davron suribdi. Turmushga chiqibdi. Ular uch o’g’il va bir qiz ko’rishibdi. Ammo malika farzandlarini bir o’zi voyaga etkazibdi, chunki turmush o’rtog’i “menga bunday xotin kerak emas” deya bosh olib chiqib ketgan ekan.
Bolalar onasidan ham zolim, taxtparast bo’lishib ulg’ayishibdi. Vaqt-zamoni etkach katta bir saltanatni parokanda qilib, to’rtalasi to’rt taxtga o’tirib o’zboshimchalik bilan yurt sura boshlashibdi. Xalq ularni duoi- bad qilib, chirqirab duch kelgan tomonga qochibdi.
-Mana shunaqa mehmon qiz, – deb so’zini yakunlabdi kampir, – ahvolimizni ko’rib turibsan. Endi uxla, to’rt podshoh navkarlari qochib ulgurmagan odamlarini tutib olishsa, qiynoqqa solishadi.
Kampir endi qorachiroqni o’chirib, yotmoqchi bo’lgan ekan eshik bir zarb bilan ochilib ostonada navkarlar paydo bo’libdi. Malika yashirinishga ham ulgurmay, ikkalasini ham tutib saroyga olib ketishibdi. Yarim vayrona saroyda haqiqatdan ham to’rtta taxt qo’yilgan bo’lib, kampir aytganday to’rt hukmdorning sakkizta ko’zi ularga qadalibdi.
Hukmdorlar avval malikaga hayratlanib qarashibdi. Ulardan biri ayol kishi bo’lgani uchun taxtdan tushib, Tannozning chiroyli liboslariga suq bilan tikilibdi va kanizaklariga buyuribdi:
-Malikadan chiroyliroq kiyinib olishga jur’at etgan manavi xonimchanining kiyimlarini echib oling!
Tannoz qo’rqib ketibdi. “zim ham malika ekanimni aytsam, libosimdan yuz karra ortiqroq narsa talab qilishlari mumkin. Otamga chopar jo’natib tilla va javohirotlar ham undirishlari hech gap emas! Yaxshisi indamay turganim ma’qul”deya tilini tishlabdi.
Kanizaklar boshqa xonada shohona libosni echib, oddiy kiyim-bosh berishgach Tannozni yana podshohlar oldiga boshlab chiqishibdi.
Tannoz qarasa u bilan kelgan kampir elkalari silkinib yig’lab o’tirgan ekan. Uning liboslarini kiyib olgan malika esa tinmay keksa odamga o’shqirardi.
– Endi aqlingiz kirdimi ona? Biz sizni olib kelishgani zahoti tanigan edik, o’zingizni qayta-qayta tanishtirmakka hojat yo’q! Xor bo’lishingizga sababchi o’zingizsiz! Qorachiroq yorug’ida kitob o’qishingizni ham bilamiz. O’sha kitoblarni avvalroq o’qiganingizda, farzandlaringiz taqdiri mutlaqo boshqacha bo’lishi mumkin edi.
Tannoz hayron bo’libdi. Bu kampir ularning onasi ekan-da! Shunday bo’lganda ham uch aka- singillarining onasiga andishasizlarcha qilayotgan muomalasiga yo’l qo’ymasligi kerak edi.
Malika davom etibdi:
– Agar bizga vaqtida yaxshi tarbiya berib, aqlli, esli- xushli qilib voyaga etkazganingizda shu ahvolga tushmas edingiz! Yoshlik chog’ingiz faqat o’zingizni o’yladingiz. Kitob ko’tarib kelib “Ertak o’qib bering” deganimizda, siltab tashlab pardoz qilishni davom ettirganlaringiz yodingizda yo’q-mi? Yohud bobomiz o’lgach, saltanatning eng oqil insonlarini, dono muallimlarini quvg’in qilib maktablarni yopib tashlaganingiz-chi? shanda o’qishni, bilimli bo’lishni juda xoxlar edik. Ana, yolg’on bo’lsa akalarimdan so’rang? Endi nega ko’z yosh to’kasiz! Diydamizni tosh qotirgan, yuraklarimizdan mehr- oqibatni siqib chiqargan siz emasmi? Qo’limda turgan ko’zguni taniyapsiz-mi, sizdan menga faqat shu meros bo’lib qoldi. Endi men ham taxtda o’tirib, o’zimga oro berishdan nariga o’tmaydigan malika Pardozman xolos!
Shu joyda nimalarnidir xis qilib turgan Tannozning yuragi to’xtab qolay debdi va malikaning qo’lidagi ko’zguga tikilib, uni tanigach “Dod!” deb o’krab yig’lab yuboribdi. So’ng kampirga yaqinlashib so’rabdi:
-Siz kimsiz xolajon?
– Men,-debdi kampir,-shu bahtiqarolarning onasi, Malika Tannoz bo’laman.
Yosh Tannozning qulog’iga kampirning qolgan gaplari kirmay boshi g’uvillab ketibdi. Demak u, bir necha yillardan so’ng o’zi qay ahvolga tushishini ko’rib turgan ekanda! Manavi elbezori podshohlar va malika uning farzandlari, g’arib kampir esa uning o’zi…Telbanamo qiyofaga kirgan Tannozni hukmdorlar ortiq ushlab qolmay, boshi oqqan tomonga ketishiga ruhsat berishibdi, uning kimligini bilishmabdi.
Tannoz sehrli qobun ichiga kirib yig’lay-yig’lay o’z zamonasiga qaytibdi…
Qarasa hamma joy avvalgiday obod, yurt farovon, vayronalardan asar ham yo’q emish. U Yakkasaroyga qaytib, javonda terilgan kitoblarni olib changini qoqibdi. O’z ko’zlari bilan ko’rgan kelajagi, saltanatining tanazulidan ko’z yoshlarini arang tiyib, shahdam qadamlar bilan maktabga ravona bo’libdi.
Ustozlari uni ko’rib boshlari osmonga etibdi. Malika qarasa, tokchada sevimli ko’zguchasi turgan ekan, yerga uloqtirib chil-chil sindiribdi:
– Men Tannoz emas, malika Mumtozman! Mamlakatimni xarob bo’lishiga yo’l qo’ymayman!
Malika xaqida eshitganlarim shu. Bu bir ertakda dersiz?! Balki orangizdagi kichkina Tannozchalarning aqli kirsin deb o’zim to’qigandirman. Nima bo’lganida ham ertagim yaxshilik bilan tugabdi.
Malika Mumtozning saroyi tarix silsilalaridan vayron bo’lgan ersa-da, Toshkentning eng go’zal dahasi Yakkasaroy deya atala boshlabdi.
Muazzam IBROHIMOVA



