Shayton nayranglari

Shoir Abdulla Oripovning Yozuvchilar uyushmasi raisligidan ketishi ahamiyatsiz bir voqeadek ko’rinsada buning ahamiyati juda kattadir. Umuman siyosiy faoliyatdan chekingan, qo’g’irchoq tashkilotga aylangan uyushma adabiyot vakili tomondan boshqarilishdan ham mahrum bo’ldi. Abdulla Oripov O’zbek adabiyotining 20-21 asrdagi yirik vakilidir. O’zbekiston hukumati bu darajada o’zini mustahkamlab, xalqning kuchi etmaydigan darajaga chiqib olishida ham
Abdulla Oripov singarilardan ko’p foydalahdi. Karimov o’zining shaxmat o’yinida shoirdan katta figura sifatida foydalandi. Endi bu figura Karimovga kerak bo’lmay qoldi. Karimov prezidentligining ilk yillarida obro’li shoir yozuvchilarning o’zi tomonda turganini, unga bo’lgan ishonchini ko’z-ko’z qilib xalqni aldab boshqarib keldi. Bugun uning xalqni sariq chaqaga ham olmaydigan hukumati A .Oriplarga muxtoj emas.
Oshkorolik yillarida xalq orasida mashhur bo’lgan Yozuvchilar uyushmasini barbod qilishi uchun Karimov Yozuvchi Odil Yoqubovni uyushma rahbarligidan chetlatish uchun qo’lidan kelgancha bor kuchini tashlab harakat qildi. Odil Yoqubov Uyushma raisligi davrida xalq dardini yozuvchilarga yetkazish uchun uyushma idorasi tomonga oqib borar, Birlik Xalq harakatiga yozuvchilar uyushmasidan joy ajratib berilgan edi.
Katta obro’ga ega bo’lgan bu tashkilotni yigish Karimovga albatta oson bo’lmagan. Bunda Karimob O’zbek muxolifatining ko’zga ko’ringan liderlarini sotib olishga harakat qilgan. Bu niyatiga qisman bo’lsada etgan. Odil Yoqubovni lavozimidan bo’shatish uchun o’tkazilgan yig’ilishda Odil Yoqubovga qarshi so’zlab unga tosh otganlar yonida O’zbek muxolifatining bugungi liderlaridan biri ham bo’lgani Karimovning qanchalik jiddiy ishlaganini ko’rsatadi.
Odil Yoqubovdan keyin Karimov bira to’la bugungiday shoir yozuvchi bo’lmagan odamni Uyushmaga rahbar qila olmadi. Muxolifat saflarida ma’lum muddat yurgan shoir Jamol Kamolni Uyushmaga rais qildi. Karimov yana bir o’q bilan ikki o’rdakni urgan edi. Boshida Jamol Kamol nomini eshitgan muxolifatning bir qismini tinchlantirgan bo’lsa, ikkinchidan sotilishga moyil bo’lgan Jamol Kamolni lavozim berib sotib olishga muvaffaq bo’ldi.
Avvaliga Jamol Kamol Uyushma binosidan Birlik Xalq Harakatini chiqarib yubordi, Yozuvchilar Uyushmasining hukumatga ta’sirini yo’qqa chiqardi, keyinchalik umuman Karimovning ortini tozalab yuruvchi shoirga aylandi. Jamol Kamol xizmatini o’tab bo’lgach ishlatilgan qog’oz singari Karimov uni axlatga tashlab yubordi. Karimov keyinchalik Yozuvchilar Uyushmasiga bemalol o’zi bilan doim bir safda yurgan Komunistlar davrida komunist bo’lgan,
Mustaqillik yillarida mustaqillik qahramoniga aylangan Abdulla Oripovni rahbar qildi. Abdulla Oripov har faslda o’zini himoya qilish uchun tusini osha faslga moslab oladigan hayvonlar singari rangini ozgartirib Karimovga yoqadigan rangga kirib oldi. Juda kam bo’lsa ham Karimovga yoqadigan she’rlar ham bitdi, asosan xalqqa haqiqatni ham aytdi:

Shayton nayranglari juda rang barang
Sallani paytava qilib o’ratgay.
Agar sidqidildan ko’rsatsa nayrang
Nodonni shoh qilib elni so’ratgay.

Abdulla Oripovning bunday she’rlarini uning Mustaqillik yillaridagi ijodida ko’plab uchratish mumkin. Abdulla Oripov kurashchan shoirlar singari maydonga otilib chiqib haqiqatni baralla aytib yovuzlikka qarshi kurasha olmagan bo’lsa ham, qisman bo’lsada o’z ijodida yovuzlikka qarshi kuylagan. Abdulla Oripovning she’riyatdagi o’rni bugungi ozbek she’riyatida birinchi o’rinlarda turadi, Ayrim shoirlarimiz aytgani singari ijodining boshlanishida adabiyotga ozgarishlar kirita olib, oxirida ijodi muvaffaqiyatcizlikka uchragan shoir emas.
Abdulla Oripovning har davrdagi ijodida ham yuksak san’at darajasidagi she’rlari bor. Abdulla Oripovda milliyatchilik kuchli bo’lib uning ijodida doimo ko’zga tashlanadi. U hatto SSSR davrida O’zbekiston she’rini qo’rqmasdan yozib Vatanimiz va millatimiz tarixi haqida baralla kuylagan.

Ko’p jahongir ko’rgan bu dunyo
hammasiga guvoh yer osti.
Ammo do’stlar she’r ahli aro
Jahongiri kam bo’lar rosti.

Besh asrkim nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher
Temur tig’i etmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.

Dunyo bo’ldi chamanim manim
O’zbekiston Vatanim manim.

Abdulla Oripov faqat she’rlaridagina haqiqatni kuylamadi. O’zbekiston telekanali orqali Abdulla Oripov Andijon fojealaridan keyin so’zlagan nutqida ham haqiqatni aqlli odamlar tushunadigan qilib aytdi: Andijonda bir qancha jo’jalar maydonga chiqdi, «Jasur» va «dono» prezidentimiz ularni barbod qildi. Maydonga chiqqan xalqni ojiz, notovon, aybsiz jo’jalarga oxshatdi. Jasur va dono so’zlarini esa kinoya bilan aytdi.
Buning ma’nosini O’zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati ham tushungach Abdulla Oripovni chetga surish kompaniyasini boshlab yuborishdi. Abdulla Oripov Andijon fojeasi haqida Andijonda qurolli qo’zg’olon bo’ldi deb aytib qirilgan aybsiz xalqqa tuhmat qilayotgan ayrim muxolifatchilardan ko’ra yuz karra yuksak va teran fikrlarni aytdi. Biz Abdulla Oripivning kamchiliklaridan ham ko’z yumolmaymiz, Qamoqqa tashlangan bir necha mashhur shoirlarni
Yuqorining topshirig’i bilan Yozuvchilar uyushmasidan chiqardi, ularni mardona himoya qila olmadi, Ayrimlarini himoya qilishga otlansa ham Karimovning ko’rsatmasi bilan hibsga olinganini bilgach o’zini chetga oldi. Oxirigacha borishga jur’at topolmadi. Jur’atsizligi sababidan ham jasur va mard kurashchan shoir bo’la olmadi. 80 yillar oxiri 90 yillar boshida Muxolifatni yuksaltirgan Yozuvchilar uyushmasini
Karimov o’sha vaqtlarda o’ziga dushman deb bilardi. Karimov o’zidan dushman deb bilgan har bir odamdan o’ch oldi va olayapdi oziga dushman deb bilgan tashkilotlarni yo’qotishga ham qo’lidan kelgancha harakat qilayapdi. Yozuvchilar uyushmasi chalajon tashkilotga aylangan edi, har holda Uyushmani shoir boshqarayotgan edi. Bugun esa na shoir va na yozuvchi bo’lgan kimsani uyushmaga rahbar qilib qo’yib maqsadiga to’liq erishdi. O’layotgan uyushmani o’ldirdi.

Bobomurod Buxoriy.

Copyright © 2018 Birdamlik.Info
Shares