Mazkur talabni paxta milliy boylik, uni nes-nobud qilmay terib olish dolzarb masala ekani bilan izohlagan amaldor mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, jamoatchilik tashkilotlari vakillariga bu borada topshiriqlar berdi.
«Ezgulik» xabariga ko‘ra, joriy yilning 9 sentyabridan viloyatdagi barcha oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari paxta yig‘im-terimiga safarbar qilindi. Shuningdek, o‘rta umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilarini ham mazkur kampaniyaga jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.
Mamlakat bosh vaziri Sh. Mirziyoev viloyat rahbarlariga paxta terimiga maktab o‘quvchilarini jalb etmaslik borasida topshiriq bergani xususida ma’lumotlar mavjud. Shu bois bo‘lsa kerak, respublikaning turli viloyatlarida majlislar o‘tkazilib, bu yil paxta terimi munosabati bilan maktablar yopilmasligi, o‘quvchilar majburiy ravishda hasharga jalb qilinmasligi ta’kidlangan.
«Ezgulik» jamiyati mazkur yig‘inlarga qaramay, Sirdaryo kabi viloyatlarda o‘quvchilarni majburiy ravishda paxtaga olib chiqish davom etmoqda deya ma’lum qilgan. «Bir necha yillik qullik ko‘nikma, ijtimoiy ehtiyoj, mahalliy davlat hokimiyati bo‘g‘inlaridagi ma’muriy buyruqbozlik holati tufayli bolalar yana dalaga safarbar qilinishi kuzatilmoqda» deb hisoblaydi mazkur nodavlat notijorat tashkilot.
Shu munosabat bilan «Ezgulik» jamiyati «Bola mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlash va ularga barham berish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish to‘g‘risida»gi konventsiya, O’zbekiston Respublikasining «Bola huquqining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bolalarni ommaviy hasharlarga chorlashni to‘xtatishga chaqirgan.



