BMT «Al-qoida» va Tolibon terrorchilariga taalluqli bo‘lgan tashkilot va shaxslar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatga ilk marta ikki nafar o‘zbekistonlik ham kiritilgan. Ular 1999 va 2004 yillarda O‘zbekistonda ro‘y bergan teraktlarni uyushtirishda qatnashgan deyiladi xalqaro tashkilot rasmiy saytida.
BMT Xavfsizlik kengashi qarori bilan «Al-qoida»ga aloqador shaxslar ro‘yxati 1999 yildan beri tuziladi. Mazkur ro‘yxat yil davomida yangilab boriladi. BMTning «Al-qoida» va «Tolibon»ga qarshi sanktsiyalar joriy etish qo‘mitasi raisi Yoxan Verbekening aytishicha, terrorchilar nomi kiritilgan ro‘yxat so‘nggi marta 2007 yilning noyabrida yangilangan edi. Bu galgi o‘zgarish chog‘ida unga ikki o‘zbekistonlik bilan birga uch nafar kuvaytlik ism-sharifi ham kiritildi.
BMT rasmiy saytida berilgan xabarga ko‘ra, ro‘yxatga kiritilgan o‘zbekistonlikning birinchisi – Suxayl Bo‘ronov. U 1983 yili Toshkentda tug‘ilgan. Tashkilot xulosasiga muvofiq, u islom jihodi guruhining yetakchilaridan biri. Afg‘oniston va Pokistondagi harbiy amaliyotlarda toliblar tomonidan turib jang qilgan. BMT rasmiylari S. Bo‘ronovni 2004 yili O‘zbekistonda ro‘y bergan teraktlar tashkilotchisi deb hisoblaydi.1972 yili Andijon viloyatida tug‘ilgan Najmiddin Jalolov ro‘yxatga kiritilgan ikkinchi o‘zbekistonlik. BMT xulosasida u 1999 va 2004 yillardagi teraktlar ishtirokchisi, islom jihodi tashkiloti faoli deb e’tirof etilgan.
http://newsuz.com/



