Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhisallom o’z qavmini Fir’avnning zulmidan qutqarish ushun mamlakatdan olib chiqib ketgandan so’ng qirq yil adashtirib yurgan. Ular qirq yil yo’l azobi–yu mashaqqatlarini boshlaridan kechirib manzilga yetishgan. Bundan maqsad qavmning ruhida Fir’avn davrida shakllanib qolgan qullik tuyg’usini yo’qotish, hurlik va erk tuyg’usini uyg’otish edi…
Bugun jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarida amalga oshirishimiz zarur bo’lgan vazifalar talaygina. Lekin zarurlar orasida eng zaruri xalqimizning mijozidagi qullik psixologiyasini yo’qotishdir. Biz hatti-harakatimizdagi bu illatdan xalos bo’la olmay turib oldimizdagi eng ulug’ maqsadimiz: ya’ni erkin, ozod jamiyat qurish, jamiyatni boshqarishda demokratik tamoyillarga amal qilish, huquqiy-demokratik davlat barpo etish ishlarini amalga oshira olmaymiz. Chunki bu ishlarning barchasini amalga oshiruvchi yagona kuch xalqdir. Xalq irodasi, uning siyosiy, huquqiy ongliligi, ijtimoiy-siyosiy sohalardagi faolligi demokratik jamiyatning tamal toshidir. Erksizlik, huquqiy savodsizlik, siyosiy so’qirlik odamlarni faoliyatsizlikka, loqaydlikka, johillikka undaydi va bunday jamiyatda demokratiya, erkin va ozod jamiyat qurish faqat orzu bo’lib qolaveradi.
Qullik psixologiyasidan xalos bo’lish yo’llarini topishdan oldin uning ijtimoiy-tarixiy ildizlarini, paydo bo’lish va shakllanish omillarini o’rganish lozim. Bu boradagi izlanishlar oxiri-oqibat ayollarga kelib taqalmoqda. Odatda, siyosat, jamiyat boshqaruvi, davlatchilik ishlarini tashkil etish erkaklar ishi deb qaraladi. Ayollarga esa oila, uy-ro’zg’or ishlari, bola-chaqa tashvishi yuklanadi. Bunday yondoshish ayollar va erkaklar faoliyati borasida chuqur ildiz otgan an’anaviy qarashlarning negizidir. Shunday bo’lishiga qaramay jamiyatda kishilarning ijtimoiy-siyosiy faolligini to’liq ayollar belgilab beradi, desam ehtimol ko’pchilikka lof bo’lib tuyular. Lekin bu ayni haqiqat!
Ayollar ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga bevosita yoki bilvosita ta’sir etadilar. Bu ularning tabiati, jamiyat taraqqiyotida amalga oshiradigan funksiyalari bilan bog’liq. Ayollar onalik faoliyati bilan siyosiy jarayonlarga bilvosita ishtirok etadilar. Ular siyosatni yurgizuvchi, jamiyatni ijtimoiy-siyosiy, moddiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotini ta’minlovchi kuchlarni dunyoga keltirib, voyaga yetkazib, tarbiyalab beruvchi qatlamdir. Siyosiy ongi rivojlangan, bilimli, ma’rifatli, hur fikrli ayol jamiyatga erkin, ozod, serg’ayrat va tashabbuskor farzandlarni tarbiyalab beradi. Mijozida ko’r-ko’rona itoatkorlik kayfiyati rivojlangan, siyosiy, huquqiy ongi shakllanmay qolgan, ma’naviy qulga aylantirilgan ayollar esa qullarni, siyosiy so’qirlarni, faoliyatsiz johillarni yetkazib beradilar. Shuning ushun ham qaysikim xalqning mijozida qullikka moyillik bor ekan, demak ularning ayollarida chatoqlik bo’ladi.
Siyosiy ongi shakllangan, erkin va hurfikrli ayollar jamiyatning ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga faqat bilvosita emas, balki bevosita ham ta’sir eta oladilar. Ular jamiyatdagi o’zgarishlarga, muammolarga loqayd qaray olmaydilar, ularni o’z muammolari, qolaversa kelgusi avlodning, ya’ni farzandlarining taqdiri bilan bog’liq muammolar deb qaraydilar va ularni bartaraf qilish uchun o’zlarini to’liq safarbar etishga imkon qidiradilar. Bunday oliy maqsadlar yo’lida turli tashkilotlar tuzib, ular atrofida uyushadilar va o’zlarini jamiyatni o’zgartiruvchi ulkan kuch sifatida namoyon qiladilar. Dunyo hamjamiyatida ko’plab rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyot yo’lini kuzatsak, ayollarning shunday bevosita va bilvosita ijtimoiy-siyosiy faolliklari tufayli bugun havas qilsa arzigulik obro’-e’tibor topganliklarini guvohi bo’lamiz.
Biz ham ko’hna tariximiz sahifalariga ko’z yugurtirsak, juda teran bir haqiqatning guvohi bo’lamiz: davlatchiligimizning dunyoni lol qoldirgan eng gullagan davrlari ham, inqirozga yuz tutib, qoloqlik va qullik kishanlarini kiygan davrlari ham ayollar faoliyati bilan chambarchas bog’langan. Ovro’po va boshqa mintaqalarda ayollar barcha haq huquqlardan mahrum bo’lib, ularga nisbatan eng tuban munosabatlar shakllangan bir paytda bizning ajodlarimiz ayollarni juda e’zozlaganlar. Ularning ichki imkoniyatlarini ro’yobga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berganlar. Shuning uchun ham ko’hna tariximiz davlatni boshqarishda ko’plab ayol hukmdorlar, podishohlar, vazirlar, maslahatchilar o’tganligi haqida, hatto ayollardan sarkardalar, qurollangan lashkarlar, suvoriylar bo’lganligi va ular juda ko’p qahramonliklar qilganligi haqida guvohlik beradi. Qadim turkiy ayollarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi, siyosiy jarayonlarda izchil aralashuvi dunyoni lol qoldirgan. Dunyo xalqlari jasurligi, jangovarligi, erkparvarligi va qo’rqmasligi uchun turkiy ayollarni «amozonkalar» deb ataganlar va ular bilan hisoblashganlar. Rus va ukrain knyazlari, boshqa ovrupo mamlakatlari hukmronlari o’z o’g’illarini jasur turkiy qizlarga uylantirib, o’z zurriyodlaridan qahramonlar yetishtirishni orzu qilganlar. Hatto VII asrda arablar tomonidan mintaqamizga kirib kelgan islom dini ham ma’lum davrgacha ayollarimizning ijtimoiy-siyosiy faolliklarini cheklay olmagan. Shunday faolliklar tufayli xalqimiz butun bashariyat tarixida o’ziga xos zalvorli o’rin egallagan va shon-shuhrat topgan.
Faqat XIV-XV asrdan boshlab ayollarmiz tobora takomillashib borgan shariat qoidalarining qurboniga aylana boshladilar. Shu davrdan boshlab ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolliklariga to’sqinlik qilish, jamiyatdagi barcha faoliyatlarini cheklash, ilm-ma’rifat egallashlarini man etish, paranjiga zo’rlab kiritish, jamoat oldida hatto ovozlarini chiqarishga ham yo’l bermaslik, xullas, ularga nisbatan ommaviy zulm, tazyiq va qatag’onning avj olganligi ma’lum. Ayollarni mute’likda ushlash, ularni barcha huquqlardan mahrum qilish, ularning ichki imkoniyatlarini mensimaslik jamiyatda o’zining salbiy izlarini qoldirishi muqarrar edi. Chunki zulmning oqibati zulmatdir. Tariximizning qora kunlari, turkiy xalqlarning ijtimoiy-siyosiy tanazzuli xuddi shu davrdan boshlanganligi ajablanarli hol emas.
O’zbek ayollari uzoq asrlik uyqudan sho’ro davrida hukumat tomonidan uyushtirilgan «hujum» kampaniyasining ta’siri bilan uyg’ondilar va ijtimoiy hayotning barcha jabhalaridagi cheklanishlarga barham berib, o’z faolliklarini, erkinliklarini tiklab oldilar. Ularga o’qish, o’z bilim va malakalarini rivojlantirish uchun imkon yaratildi va ular moddiy va ma’naviy ne’matlar ishlab chiqarish bilan bog’liq ijtimoiy turmushning barcha sohalarida o’z salohiyatlari va iqtidorlarini namoyish etib faoliyat ko’rsata boshladilar. Ayollarimiz qonidagi isyonkorlik, adolatparvarlik, jangovarlik kabi tabiiy tug’ma ko’nikmalar ham aynan «hujum» davrida o’zini to’liq namoyon etdi. Shuning uchun ham qisqa vaqt ichida «hujum» tarixda misli ko’rilmagan muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritdi. Lekin rus mustamlakachilarining o’zbek xotin-qizlari faolliklarini oshirishdan ko’zlagan o’z manfaatlari va ehtiyojlari mavjud edi. Unda ayollar o’zlarini bor imkoniyatlarini mamlakatning moddiy-iqtisodiy rivojlanishiga safarbar etishlari lozim edi. Buning uchun haqiqatni yashirish, yolg’on siyosat olib borish, ayollarni siyosiy ongliligini oshirmaslik, ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan uzoqlashtirish tendensiyasi ishlab chiqildi. O’zbek ayollari ruhidagi uyg’oqlik, qonidagi isyonkorlik, jismidagi shijoat mustamlakachilarning anashu manfaatlariga xizmat qildi. Natijada xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi barcha faolliklari faqat siyosiy onglilikning yo’qligi tufayli xalqning o’z erki va mustaqilligi yo’lida izchil kurashish tuyg’ularini rivojlantirmadi.
Bizning endigi vazifamiz ayollarimizni siyosiy va huquqiy savodxonliklarini rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy faolliklarini oshirishdan iboratdir. Buning uchun ayollarimiz qonida yuzlab yillardan buyon mudrab yotgan erk tuyg’usini uyg’otish lozim. Chunki siyosiy jarayonlarga faol aralashish uchun ayol tom ma’noda erkin bo’lishi, o’z-o’zini anglamog’i, adolatsizliklarga qarshi izchil kurashishi, zulmga itoat etmasligi, o’z taqdirini jamiyat taqdiri bilan bog’lay olish kabi talaygina ko’nikmalariga ega bo’lishi darkor. Buning uchun erk tuyg’usi har bir ayol uchun anglangan zarurat darajasiga ko’tarilishi, uning ichki ruhiy ehtiyoji bo’lib shakllanmog’i kerak.
Sho’ro davrida ham va hozirgi yangilanayotgan ijtimoiy-siyosiy tizim davrida ham ayollar jamiyat ishlarida faol ishtirok etib o’zalarining har qanday jabhada erkaklardan kam emasliklarini ko’rsatayotgan bo’lsalarda, keng jamoatshilik orasida hanuzgasha ularga nisbatan past nazar bilan qarash, ichki imkoniyatlarini mensimaslik, faoliyatlarini nazarga ilmaslik tuyg’usi saqlanib turibdi. Masalan mehnat bozorlarining 60-70 foizini ayollar band qilib turgan bo’lsada, parlamentda ularning soni atigi 7 foizni tashkil etadi. Davlat boshqaruv ishlarida ham ularning nufuzi juda ozchilikdan iborat. Keng jamoatchilik ayollar faqat o’zlarining an’anaviy mashg’ulotlari, ya’ni uy-ro’zg’or yumushlari va bolalar tarbiyasi bilan mashg’ul bo’lishi kerak, degan fikrda sobit turibdi. Eriga hech so’zsiz itoat etuvchi, erkakka tobe bo’lgan ayolni aksariyat jamoatchilik ham, jamiyat ham qo’llab quvvatlaydi. Oilada qizlar juda yoshligidanoq itoatga, tobelikka o’rgatiladi va bu ayol uchun eng oliy fazilat hisoblanadi. Ayollar ham bu aqidaga amal qilib ilm-bilim egallash, o’z dunyoqarashlarini kengaytirish, haq-huquqlarini tanish, erklari uchun kurashish,siyosiy jarayonlarga faol ishtirok etishni o’zlariga ep ko’rmaydilar. Shu tarzda mo’min-qobil, itoatkor, erlari «gah desa qo’lga qo’nadigan» qultabiat ayollar qatlami shakllanadi. Bunday ayollar ham bevosita, ham bilvosita jamiyatning siyosiy jarayonlariga faol ishtirok eta olmaydilar. Ular har qanday ijtimoiy-siyosiy tuzum, har qanday zulm va tahqir bilan murosa qilaveradilar, adolat, haqiqat, erk uchun, o’z vatanlarini dushmanlardan himoya qilish, ozod va obod jamiyat qurish uchun kurashish ko’nikmalaridan mahrum bo’ladilar. Butun boshli millat, xalq shu tarzda qullik, mutelik kishanini kiyadi va uni illat, og’ir isnod ekanligini o’zlari his etmaydi.
Xalqni bu og’ir va ayanchli darddan xalos etuvchi yagona yo’l tarbiyadir. Tarbiya beruvchilar esa avvalo onalar, ayollardir. Shuning uchun ham xalqning erki ayollar erki bilan uyg’undir. Ayollar qoni, suti, mehr-muhabbati, aql-farosati bilan zurriyodini, millat vakilini, ya’ni odam avlodini voyaga yetkazadi, fe’lu atvoridagi yaxshi va yomon xislatlarning barchasini unga meros qilib beradi. Ilohiy qudrat ila insonning murg’ak qalbiga jo bo’lgan erk tuyg’usi ayolning tarbiyasi bilan voyaga yetadi, sayqallanadi, eng ulug’ orzu-istakka, muqaddas ehtiyojga aylana boradi. Demak, millatni tarbiyalash, xalqni g’aflat uyqusidan uyg’otish ishini ayollardan boshlamoq lozim.
Tarbiyaning bashariyat tarixidan kuzatilgan eng samarali usuli ma’rifatdir. Ilm-ma’rifat orqali insonnig ma’naviy va ruhiy olami go’zallashadi, aql-zakovati teranlashadi, fahm-farosati yuksaladi. Ma’rifat inson qalbida mudrab yotgan erk tuyg’usini uyg’otadi va ezgulik sari yo’llaydi. Ayollarni ma’rifatli qilishning samarasi yanada yuksakdir. Ulamolar «Agarda buyuk va salohiyatli shaxslarga ehtiyojingiz bo’lsa, ayollarga buyuklik va fazilat o’rgatingiz», deb bejiz aytishmagan. Buyuklik va fazilat ma’rifat yo’li bilan singdiriladi. Ma’rifatsiz, savodsiz ayollarga berilgan erk ayollar sha’niga dog’ tushuruvshi tiyiqsizlik, fahsh va johillik yo’liga boshlashi bu jamiyatning taraqqiyotiga, xalqning istiqboliga juda katta ma’naviy ziyon yetkazishi mumkin.
O’zbekistonda bozor iqtisodiyoti munosabatlariga tayangan yangi ijtimoiy-siyosiy tuzum shakllanayotgan davrda ayollarni ma’rifatli qilish, ularning haq-huquqlarini tanitish, ijtimoiy-siyosiy faolliklarini oshirish o’ziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Gap shundaki, bugun ayollarimiz mashg’ul bo’layotgan mehnat turi, ular juda ko’p vaqt va kuch sarflayotgan mashg’ulotlar ularga ilm va ma’rifat o’rgatish, ma’naviyatlarini boyitish, bilim va saviyalarini oshirish, ichki salohiyatlarini ro’yobga chiqarish imkoniyatlarini cheklab, ham ma’naviy, ham siyosiy, ham huquqiy biqiqlik darajasiga tushirmoqda. Bunday mashg’ulotlarga bir tomondan ayollarning pul topish uchun yalpi safarbarliklari, oilani iqtisodiy ta’minotida mas’uliyatni zimmalariga olib yugirib-yelayotganliklari kirsa, ikkinchi tomondan, qishloq joylarida yashaydigan ayollarning ish vaqti cheklanmagan noqulay shart-sharoitli, og’ir qishloq xo’jalik ishlariga juda arzon ishchi kuchi sifatida yollanayotganliklari kiradi. Bundan tashqari ayollarning uy-ro’zg’or yumushlari bilan bandligi, er, qaynona, bola-chaqa, qarindosh-urug’lar tashvishlaridan ortmayotganligi, ularning moddiy va ma’naviy-ruhiy tomondan muhofazalanmagani ham o’z-o’zini tanish, bilim va tajribasini oshirish, haq-huquqlarini bilish imkonidan mahrum etmoqda. Ular band bo’lgan mehnat turi na ma’naviyatlarini boyitishga, na dunyoqarashlarini kengaytirishga, na haq-huquqlarini tanishga, na shaxs, inson sifatida o’z-o’zlarini anglashga yordam beradi. O’z-o’zidan ravshanki, bunday ayollar ijtimoiy faol, yuksak ma’naviyatli komil insonlarni tarbiyalab berishga qurblari yetmaydi.
Yana bozor munosabatlariga xos bo’lgan jadal raqobat, hayratlanarli texnik o’zgarishlar, keng ko’lamli moliya, axborot va ko’ngilxushlik bozorlari, jamiyatdagi doimiy ravishdagi o’zgarishlar, narx-navoning o’sib borishi, vaqtning tig’izligi va h.k.lar jamiyatdagi ming yillardan buyon hukmron bo’lib kelgan an’ana va qadriyatlarni susaytirmoqda. Bu ayollarning ma’naviy-ruhiy dunyosiga kuchli ta’sir etib, ularning dunyoqarashlarida, hatti-harakatlarida mutlaqo yangi, milliyligimiz va mentalitetimizga xos bo’lmagan elementlarni shakllantirmoqda.
Bunday vaziyatda ayollarni ma’rifatli qilib tarbiyalash, ulardagi erk va hurlik tuyg’ularini shakllantirish, ijtimoiy-siyosiy faolliklarini oshirish ushun qanday shora-tadbirlar qo’llash lozim? Savolning yechimini o’ylar ekanman yodimga amerikalik keksa siyosatchi ayol Shulman xonimning mulohazalari tushdi: «Qo’shma Shtatlarda ayollar juda faollashgan. Ular Amerika siyosatini boshqara olish salohiyatiga ham ega bo’lmoqdalar. Bu osonlikcha qo’lga kiritilmadi, albatta. Biz buning uchun ellik yil kurashdik, ellik yil ayollar orasida tinimsiz ish olib bordik. Qayerdaki ayol bo’lsa biz o’sha yerga kirib bordik… Ularni siyosatga jalb etish uchun turli-tuman klublar, tashkilotlar, gruhlar tuzdik, dasturlar, yo’riqnomalar ishlab chiqib, joriy qildik. Shu yo’l bilan biz ayollarga faqat o’zlari yoki erlari, farzandlari uchungina emas, balki Amerika uchun, uning buyukligi va qudratini oshirish uchun ham kerak ekanliklarini tushuntirdik. Ular bu haqiqatni ellik yildan keyin anglay boshladilar…». Ehtimol biz ham shunday ish tutarmiz?! Yoki yana boshqa yo’llari bormikin?..
Hafiza Nasrulloh
Манба:www.ayol.uz



