16.07.2013
Qashqadaryo viloyatilik 71 yoshli otaxon – «Birdamlik» muxolif harakati lideri Bahodir Choriyevning otasi. Sakkiz o’g’ildan yetti nafari va ularning oilasi, jami 33 kishi, Missuri shtatining Sent-Luis shahrida yashaydi va yuk tashish biznesi bilan shug’ullanadi.
O’zbekistonda fermerlik va tadbirkorlik qilib kun ko’rgan Choriyevlar hukumat siyosatini tanqid qilgani uchun tazyiqqa uchragan, aka-ukalar moliyaviy firibgarlik aybi bilan panjara ortida o’tirib chiqqan va keyinchalik Amerikada boshpana topgan.
O’zbekistonda qolgan ota-ona Milliy xavfsizlik xizmati bosimidan nolib kelar edi. Bahodir Choriyevning «Amerika Ovozi» ga aytishicha, uning otasini aynan «Birdamlik» faoliyati tufayli hibsga olishgan va unga soxta ayblovlar qo’yib, sudlashmoqchi.
Oila yollagan advokat mahbus bilan ko’risha olmayapti. Choriyevlar Amerikadan yordam so’ramoqda. Ikki hafta oldin Vashingtonda, O’zbekiston elchixonasi oldida yuk mashinalarida piket qilgan aka-ukalar otasining huquqiy himoya bilan ta’minlanishini talab qilmoqda.
AQSh Davlat departamenti qarshisida xuddi Oq uy oldida bo’lganidek piketlar arimaydi. Biror hukumat yoki siyosatdan norozi kishilar azim bino oldida turganini ko’rasiz. Odatda vazirlik bu namoyishlar va murojaatlarga ochiq va rasman javob bermaydi. Lekin ayni damda (15-16 iyulda) Toshkentga safar qilayotgan AQSh Davlat kotibi muovinlaridan biri, huquq va demokratiya masalalari bo’yicha mas’ul diplomat Jeyn Zimmerman O’zbekiston rasmiylari bilan muloqotda bu masalani ko’targani qayd etiladi.
Yozgi ta’tilga chiqqan o’quvchi nabiralar, Hasanovlar, Islom Karimov siyosatini qoralovchi plakatlar ko’tarib, Davlat departamenti ro’parasida o’tiribdi.
«Amerika bizning buvamiz va unga o’xshash begunoh insonlarning taqdiriga befarq bo’lmasligi kerak»,- deydi ular.
Bahodir Choriyev bilan yaqindagi suhbatni mana bu yerda tinglashingiz mumkin.
Bahodir Choriyev, Birdamlik lideri bilan suhbat /Navbahor Imamova, Amerika Ovozi, 29-iyun 2013.Mp3
AQSh Davlat departamenti oldida piket:










