YAKKASAROYLIK TANNOZ

 

эртак

Yaqin o’tgan zamonda   o’zimizning  tomonda,    bir tantiq    malika yashagan ekan.   Malika ertalabdan kechgacha  kichik ko’zgusini qo’lidan qo’ymay,   xusniga mahliyo bo’lib  kun o’tkazgani uchun  orqavarotdan Tannoz laqabi bilan siylangan  ekan.
– Malikam, dars boshlandi ustozingiz sizni  kutib qoldilar!-deb, kirgan kanizagiga qo’lidagi tarog’ini otib baqirar ekan:
– Dars, dars jonga tegdi  hammasi! Senga necha marotaba aytdim, bandligimda halaqit berma deb!
– Axir malikam, tushunsangizchi,  mamlakatning eng  dono   ahli donishlaridan   bilim olishingiz eng muhim vazifangiz, buni shoh otangiz aytganlar!
Malikaning badtar jazavasi qo’zibdi:
– Otamga borib ayt, men bugundan boshlab o’qimayman. Saltanat sehrgarining uchar  qovunida  kelajakka sayohatga chiqaman!
Saltanat sehrgarining uchar qovuni juda g’aroyib ekan. U  oltin palakda o’sib, mo’jizakor tovlanardi. Bir suf bilan qanotlari paydo bo’lsa, ikkinchi sufda tars yorilib malikaganing xizmatiga shay turar ekan. Qovunning shirasi yoqilgi vazifasini bajarsa, ichidagi  urug’larini  bosib istagan  zamonga sayohat qilish mumkin ekan.
Tannoz   darsdan qochib, sehrli  qovunda o’tmishga borib , ota-bobolari yashagan davrlarni o’z ko’zi bilan ko’rib qaytgan ekan.  Saltanat o’tmishda ham juda chiroyli, obod va salobatlik ekan. U endi saltanat qiyofasini kelajakda ham bir ko’rib kelish istagida  ekan.
Podshoh ilm olishni butkul xushlamaydigan, beodob  qizining erkaliklaridan charchagani bois bu safar qo’l  siltabdi:
– E, o’qimasa o’qimas! Uni har kuni yalinib darsga chaqirishadi, ustozlarini xurmat qilmaydi! Kitobni-ku qo’liga ham olmaydi. Ko’zgu uning eng yaqin qadrdoni. Hayronman, onasi malika E’zoz aqlli,  oqila bo’lgani uchun el aro e’zozda edi. Tannoz esa uning aksi.
-E, qaerga borsa boraversin!- debdI, jahli chiqib.
Suyukli rafiqasi  shu yolg’iz qizini dunyoga keltiraman deb vafot etgandi.Essiz,essiz… O’limidan oldin podshohga vasiyat qilgandi.
– Qizimizga Mumtoz deb ism qo’ying. Shohjahonning oqila yori   Mumtoz Mahalday   dilbar va ma’rifatli  bo’lsin! 
Shoh  dono rafiqasini tuproqqa qo’ygach, qayta uylanmabdi. Malika E’zozning xotiralari bilan yashab, qizi  bilan  ovunibdi.  Mumtoz uchun saltanatda  hamma narsa muhayyo edi. Shoh otasi “qizim eng go’zal koshonada voyaga etishga munosib” deya unga alohida muhtasham ko’shk soldirib Yakkasaroy degan nom beribdi. Yakkasaroy ichida shohona kutubxona va    etti  iqlimga doston maktab ham joylashgani   bilan shuhrat qozonibdi. Ammo shunday qulay va shohona sharoitda  ham  malika tantiq  bo’lib ulg’aya boshlabdi. Halq orasida bilim o’chog’i sifatida nom qozongan Yakkasaroyning obro’si, vaqt o’tishi bilan  o’qishni suymaydigan  malika tufayli tushib ketdi. Qo’lidan ko’zgu tushmaydigan  Mumtoz nomi Tannozga o’zgarib, bu malikaga ham yoqib tushdi.
Xullas malika zamonlararo ucha oladigan qovun ichiga kirib, yaxshilab o’rindiqqa joylashib olgach,  sehrli tugmachani bosib  pichirlab niyat qilgach, qovoq ko’kka parvoz etibdi. Hech qancha vaqt o’tmay   erga qo’nib, eshiklari ochilibdi.
Malika Tannoz atrofga alanglab qaerga kelganini bilmay qolibdi.  Chor tomonga alanglab o’z saltanati emas begona bir mamlakatning kelajagiga kelib qolganiga amin bo’libdi.  Xarob go’shalar, qurigan ariqlar, gullari so’lib bitgan gulzorlar, to’kilib yotgan obidalarni ko’rib dili g’ash tortibdi.
-Dunyoda turli mamlakatlar bor-da, bizning saltanat gullab-yashnamoqda, bunisi  esa biyday cho’l. Podshohi otamga o’xshaganida bor-mi,  bir parcha erini ham gulistonga, bog’i- bo’stonga aylantirib yuborar edi. Ahvolni qarang, shu erlarda ham odam yashashi mumkin-mi,-  deya o’ylanib qolibdi.
Atrofga alangab kichik bir kulbachaga ko’zi tushib, eshikni taqillatibdi. Ichkaridan chiqqan ozg’in  kampir mehmonni ichkariga chorlabdi. Kulba ichi nihoyatda g’arib, mezbonnig turmush tarzi ham shunga yarasha ekan. Kampir xontaxta ustida turgan ochiq kitoblarni yig’ishtirib, dasturxon yozibdi.
– Urinmang,- debdi malika Tannoz yamoq solingan dasturxonga irganib nazar tashlab,- mening qornim to’q! Yaxshisi bu qanday mamlakat ekanini tushuntirib bering, men juda olisdan tashrif buyurdim.
-E-ex,  hamma bu saltanatdan to’rt tomonga qochib ketayotganda sen mehmon bo’lib keldingmi? Bu go’shalarni xudo urgan qizim!
– Caltanat hukmdori johilmi, momo?-debdi malika.
–  Mamlakatni  bitta johil hukmdor idora qilsa mayli, bu saltanat to’rt taxtli bo’lib,  to’rtta  bir- biridan zolim podshohi bor!
-Qanaqasiga,- ajablanibdi malika,- bir   yurtni to’rt kishi boshqara oladimi?
Kampir  to’rt hukmdorli saltanat haqida gapirib beribdi. Uning aytishicha, avval bu joylar juda obod bo’lgan. Halqi boy va farovon yashab, tinchlik, xalovat va saodat maskani bo’lgan. So’ng…Kampir hikoyasining shu joyiga kelganda gapini yo’qotib, yig’lab yuboribdi.
-Yig’lamang  ona davom eting,- debdi malika.
– Co’ng zamonlar o’zgarib, yurt taxtiga shohning qizi, nodon bir ayol o’tiribdi. U o’taketgan toshbag’r, o’zidan boshqasini o’ylamay, ulus bilan murosa qilmay davron suribdi. Turmushga chiqibdi. Ular uch o’g’il va bir qiz ko’rishibdi. Ammo malika farzandlarini  bir o’zi voyaga etkazibdi, chunki turmush o’rtog’i “menga bunday xotin kerak emas” deya  bosh olib chiqib ketgan ekan.
Bolalar onasidan ham zolim, taxtparast  bo’lishib ulg’ayishibdi. Vaqt-zamoni etkach katta bir saltanatni parokanda qilib, to’rtalasi to’rt  taxtga o’tirib o’zboshimchalik bilan  yurt sura boshlashibdi. Xalq ularni duoi- bad qilib, chirqirab duch kelgan tomonga qochibdi.
-Mana shunaqa mehmon qiz, – deb so’zini yakunlabdi kampir, – ahvolimizni ko’rib turibsan. Endi uxla, to’rt podshoh navkarlari qochib ulgurmagan odamlarini tutib olishsa,  qiynoqqa solishadi.
Kampir endi qorachiroqni o’chirib, yotmoqchi bo’lgan ekan eshik bir zarb bilan ochilib ostonada navkarlar paydo bo’libdi. Malika yashirinishga ham ulgurmay, ikkalasini ham tutib saroyga olib ketishibdi.  Yarim vayrona saroyda haqiqatdan ham to’rtta taxt qo’yilgan bo’lib, kampir aytganday to’rt hukmdorning sakkizta ko’zi ularga  qadalibdi.
Hukmdorlar avval malikaga hayratlanib qarashibdi. Ulardan biri ayol kishi bo’lgani uchun taxtdan tushib, Tannozning chiroyli liboslariga suq bilan tikilibdi va kanizaklariga buyuribdi:
-Malikadan chiroyliroq kiyinib olishga jur’at etgan manavi xonimchanining kiyimlarini echib oling!
Tannoz qo’rqib ketibdi. “zim ham malika ekanimni aytsam, libosimdan yuz karra ortiqroq narsa talab qilishlari mumkin. Otamga chopar jo’natib tilla va javohirotlar ham undirishlari hech gap emas! Yaxshisi indamay turganim ma’qul”deya tilini tishlabdi.
Kanizaklar  boshqa xonada shohona libosni echib, oddiy kiyim-bosh berishgach    Tannozni yana podshohlar oldiga boshlab chiqishibdi.
Tannoz qarasa u bilan kelgan kampir elkalari silkinib yig’lab o’tirgan ekan. Uning liboslarini kiyib olgan malika esa tinmay keksa odamga o’shqirardi.
– Endi aqlingiz kirdimi ona? Biz sizni olib kelishgani zahoti tanigan edik, o’zingizni qayta-qayta tanishtirmakka hojat yo’q! Xor bo’lishingizga sababchi o’zingizsiz! Qorachiroq yorug’ida kitob o’qishingizni ham bilamiz. O’sha kitoblarni avvalroq o’qiganingizda, farzandlaringiz taqdiri mutlaqo  boshqacha bo’lishi mumkin edi.
Tannoz hayron bo’libdi. Bu kampir ularning onasi ekan-da! Shunday bo’lganda ham uch aka- singillarining onasiga andishasizlarcha qilayotgan muomalasiga yo’l qo’ymasligi kerak edi.
Malika davom etibdi:
– Agar bizga vaqtida yaxshi tarbiya berib, aqlli, esli- xushli qilib voyaga etkazganingizda shu ahvolga tushmas edingiz! Yoshlik  chog’ingiz  faqat o’zingizni o’yladingiz. Kitob ko’tarib kelib “Ertak o’qib bering” deganimizda, siltab tashlab pardoz qilishni davom ettirganlaringiz yodingizda yo’q-mi? Yohud bobomiz o’lgach, saltanatning eng oqil insonlarini, dono muallimlarini  quvg’in qilib maktablarni yopib tashlaganingiz-chi? shanda o’qishni, bilimli bo’lishni  juda xoxlar edik. Ana, yolg’on bo’lsa akalarimdan so’rang? Endi nega ko’z yosh to’kasiz! Diydamizni tosh qotirgan, yuraklarimizdan mehr- oqibatni siqib chiqargan siz emasmi? Qo’limda turgan ko’zguni taniyapsiz-mi, sizdan menga faqat shu meros bo’lib qoldi. Endi men ham taxtda o’tirib, o’zimga oro berishdan nariga o’tmaydigan malika Pardozman xolos!
Shu joyda nimalarnidir xis qilib turgan Tannozning yuragi to’xtab qolay debdi va malikaning qo’lidagi ko’zguga tikilib, uni tanigach “Dod!” deb o’krab yig’lab yuboribdi. So’ng kampirga yaqinlashib so’rabdi:
-Siz kimsiz xolajon?
– Men,-debdi kampir,-shu bahtiqarolarning onasi,  Malika   Tannoz bo’laman.
Yosh Tannozning qulog’iga    kampirning qolgan gaplari kirmay boshi g’uvillab ketibdi. Demak u,  bir necha  yillardan so’ng o’zi qay ahvolga tushishini ko’rib turgan ekanda! Manavi elbezori podshohlar va malika uning farzandlari, g’arib kampir esa uning o’zi…Telbanamo qiyofaga kirgan Tannozni hukmdorlar ortiq  ushlab qolmay, boshi oqqan tomonga ketishiga ruhsat berishibdi, uning  kimligini bilishmabdi.
Tannoz  sehrli qobun ichiga kirib yig’lay-yig’lay o’z zamonasiga qaytibdi…
Qarasa hamma joy avvalgiday obod, yurt farovon, vayronalardan asar ham yo’q emish. U Yakkasaroyga qaytib, javonda terilgan kitoblarni olib changini qoqibdi. O’z ko’zlari bilan ko’rgan kelajagi, saltanatining tanazulidan ko’z yoshlarini arang  tiyib, shahdam qadamlar bilan maktabga ravona bo’libdi.
Ustozlari uni ko’rib boshlari osmonga etibdi. Malika qarasa, tokchada sevimli  ko’zguchasi turgan ekan, yerga uloqtirib chil-chil sindiribdi:
– Men Tannoz emas, malika Mumtozman! Mamlakatimni xarob bo’lishiga yo’l qo’ymayman!
Malika  xaqida eshitganlarim shu. Bu bir ertakda dersiz?! Balki orangizdagi kichkina Tannozchalarning aqli kirsin deb o’zim to’qigandirman. Nima bo’lganida ham ertagim yaxshilik bilan tugabdi.
Malika Mumtozning saroyi  tarix silsilalaridan vayron bo’lgan ersa-da,    Toshkentning eng  go’zal dahasi Yakkasaroy  deya atala boshlabdi.

Muazzam IBROHIMOVA

 

Copyright © 2018 Birdamlik.Info
Shares