HAQIQATNI YOQTIRMAGAN “HAQIQATPARVAR”


            Erta tongdan ko’chaga chiqing. Albatta, popka qo’ltiqlagan, chuqur o’yga tolgan talaba yoshga ko’zingiz tushadi. Ha, rostan shunday. Ko’p Yoshlar parishonxotir yurishadi. Ba’zilar buni yarim hazil, yarim chin qilib «Oshig’u beqaror, ma’shuqasini o’ylab yurgandir-da» deya izoh berishadi o’zicha. Aslida-chi? Aslida ham shundaymikin? Bizningcha, yo’q. Bunday deyishimizga yetarli asos bor. Chunki «Talabalik – oltin davrim» degan maqolning  mantiqiy davomi sifatida «bir chaqaga zor davrim» deb qo’shib qo’yishni lozim topdik. O’zingiz o’ylang, talaba tengdoshlari qatori kiyinsinmi, bilim olsinmi, yoki har choraklikda «yaxshi baxo» qo’yib berishi uchun «domlajon, oyajon» lariga og’ziga siqqan pulni bersinmi?  Qay birini qilsin? Albatta, ustozini xursand qilishi darkor. Bilaks, ustozi «ranjib» qolgudek bo’lsa, ularning ta’biri bilan aytganda, «bog’i ko’karmaydi». Bog’i ko’karmasligi past baho qo’yilishi bilan izohlanadi. Ha-ha, aynan shunday bo’ladi. Oliygohga ming bir mashaqqatni yengib o’tib kirganmiz. Endi qiyinchilik ortda qodi deganda ma’lum bo’ldiki, hali hammasi oldinda ekan. Ikki kursdoshim: biri bashang kiyingan, «taglik-tuglik», ikkinchisi oddiy mehnatkashning farzandi. Ikkinchi do’stimda yetarli bilim bor, ammo yaxshi baho ololmaydi. Birinchisida esa, bilim u darajada emas, lekin «kuch» bor, «qudrat» bor. Nimaga shama qilayotganimni tushungandirsiz? Mani yana ham yaxshiroq tushunishingiz uchun yo siz ham o’qigan bo’lishingiz kerak, yo farzandingiz, aka-ukangiz o’qigan bo’lsa bu sistemaning “qonuniyat”lari haqida «va’z» aytishimizga hojat yo’q. Talaba sifatida aytgan bo’lardim, balkim «murojaat» deb bilingki, hurmatli qalbi «mehr»ga to’la ustozlar, biz sizlardan, bu ta’lim sistemasidagi «o’zboshimchaliklardan» charchadik. Muallim – ziyo ulashuvchi ma’rifatparvar shaxsdir. Lekin «ma’rifatparvar»lik niqobi ostidagi tubanliklarni yosh avlod unutmasligidan, nafrat alangasi avj olib,  bu o’tda o’zingizni kuydirishidan naxot qo’rqmasangiz?!

Muhammad  DAVLATOV

talaba

Copyright © 2018 Birdamlik.Info
Shares