Adolatsiz mahkama, so‘z erkinligi va boshqalar…

NewsUz.Com. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi dunyo davlatlarida 2008 yilda inson huquqlari vaziyatiga doir yillik hisobotini e’lon qildi. Ingliz tashqi siyosat mahkamasi 21 davlatdagi ahvolni xavotirga loyiq deb baholagan. Xavotirga arzigulik davlatlar ro‘yxatida O’zbekiston nomi ham qayd etilgan. Hisobot murosa ohangida O’zbekistonda o‘tgan yili inson huquqlarini himoya qilish borasida qator ijobiy ishlar qilinganidan to‘g‘risidagi ma’lumotdan boshlangan.

Xususan, O’zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinishi hamda siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish borasidagi qonun qabul qilingani ijobiy baholangan. 2008 yilning aprelida O’zbekiston Oliy Majlisida odam savdosiga qarshi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani olqishlangan.

Hisobot (FCO Human Rights report)da mamlakatda inson huquqlari borasidagi salbiy holatlarga ham e’tibor qaratilgan. Tergov jarayonida qiynoqlar qo‘llanishi, amalga hukumatga muxolif kuchlarning siyosiy mahkum sifatida saqlanayotgani, bolalar mehnatidan foydalanish, qonun ustuvorligining mavjud emasligi demokratik qadriyatlar buzilishi sifatida keltirilgan.

Hisobotda 2008 yili O’zbekistonda bir necha inson xuquqlari faollari hibsdan ozod etilgan bo‘lsa-da, mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov va inson huquqlari himoyachisi A’zam Turg‘unovlar o‘n yillik qamoq jazosiga hukm etilgani tashvish bilan eslanadi. Solijon Abdurahmonov ustidan sud jarayoni adolatsiz o‘tgani, A’zam Turg‘unovga qiynoq choralari qo‘llangani tanqid ostiga olinadi.

Inson huquqlari himoyachilarining qamoqda qolayotgani¸ yana ayrimlari tazyiq va tahqirlar tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgani xavotir bilan qayd etilgan. Shuningdek, fuqarolarning diniy erkinligini toptash, adolatli sudlovning yo‘qligi davom etayotgani ko‘rsatilgan. So‘z erkinligi qonunan mustahkamlangan va tsenzura 2002 yilda rasman bekor qilingan bo‘lsa-da, amaldagi hukumatni tanqid qilishning oldini olish uchun barcha choralar ko‘rilayotgani qayd etib o‘tilgan. Mamlakat fuqarolari ayrim internet saytlariga kirish imkoniga ega emasligi ham so‘z erkinligi buzilishi sifatida keltirilgan.

Bu ingliz tashqi siyosat mahkamasining inson huquqlariga doir o‘n birinchi hisobotidir. Rasmiy London bu kabi hisobotni 1998 yildan beri e’lon qiladi va u qirollik tashqi siyosatini shakllantirishda muhim yo‘nalish vazifasini bajaradi.

Ingliz tashqi siyosat mahkamasi o‘tgan yili e’lon qilgan hisobotida ham O’zbekistondagi ayrim ijobiy o‘zgarishlar bilan birga xavotirli holatlarga e’tibor qaratgan edi.
NewsUz.com

Copyright © 2018 Birdamlik.Info
Shares