Bahrom Ro’zimuhammad
Mening umidlarim
sonsiz toshbaqalar shaklida
chor atrofga yoyilib ketdi
najosatdan ko’z uzmay turgan ey Zamon
toshbaqalar poygasiga bir nazar tashla
Kosangga bosh yashirma
qo’rqoq bosh uyasiga aylanmasin u
baribir baribir
vabo kelgan yanglig’
oyog’i osmondan bo’ldi toshbaqalarning
Umidsizliklar mavsumi boshlandi
chechaklarni yutdi sahro
tajavvuskor suvratga kirdi-ku Quyosh
jonzotlarni tortdi o’ziga
sovuq shu’lalardan
to’r yasab
Soqolimning ichiga yashirindim men
dunyodan qo’l yuvib
uzlat bandasiga aylanib qoldim
uzlatni-da ko’p ko’rdilar biroq
soqolim ichidan
sudrab chiqardilar mitti jismimni
“O’lishim mumkinmi”
o’n yil o’tdi ruxsat yo’q
yuz yil
ming yil
iltijolar qildim bo’lmadi
Ermagim qafas ustunlarini ushlab ko’rmaklik
savolim “qaysi gunohlarim evaziga bunday”
savolim “kimning arpasini xom o’rdim”
savolim “qaroqchilar galasi do’st edi-ku menga”
javob takabburona iljayish
javob boshqa tarafga bosh burish
javob savolimga javob bermaslik
Va nihoyat hushimdan ketdim
hayot va o’lim oralig’ida
alahsirarkanman o’z tanimni ko’rdim
olis-olislarda
surdek oydinda
yulduzlarga dafn etayotgan ekanlar meni
Belkurak zarbidan
maydalarga bo’lingan yulduz xarsanglari
yog’dek erib
yoqimli bir tovush shakliga kirar
tonglarning boshida aza ro’moli
Men bilmagan chechaklarning hidi
men ko’rmagan qushlar sayrog’i
allaqanday orombaxsh jimlik
munosibmanmi shunday fusunga
xo’rlangan
va xaqoratlangan
inson munosibmi shul intihoga
SADO BO’LDI
“Uyg’on”
turtkilangan tanimni yig’ib
men nihoyat o’zimga keldim
bildimki bularning bari
shaytoni lainning o’yini ekan
Yana avvalgidek hayot qarshimda
qad rostlashga ijozat bermadilar
o’rmalab ketdim
xashoratlar safiga urdim o’zimni
O’z kimdek qoni to’kilgan kulba tomon
o’rmalab borayotgan menman bilinglar
otamga salom bermoqchi bo’lib
xonasiga kiraman uning
jag’imni tovushsiz ochib
baqrayib qolaman otamga qarab
Otam esa darrov
ezg’ilab tashlamoqchi bo’ladi meni
qo’ying deydi onam
shu maxluq
nechundir ko’zimga issiq bosilar
Ukalarim o’rab olishar meni
besunaqay shoximni bukib
qahqahalar ichida turaman
bir-birini turtishib kulishar
menga ming tangadir sichqonning ini
Eslaysizmi bu hashorat
boqa bilmay o’z ro’zg’orini
sizdan pul so’raguvchi edi
eslaysizmi bu hashorat
vaz o’qirdi sizga
siz bilmagan narsalar haqda
Bor kuchimni yig’ib
qanot chiqaraman
tutqunlik ichidan uchib chiqaman
vasiyatim shuki mehribonlarim
Zamon ichkarisiga kirmanglar
tushunmay yashanglar har daqiqani
Ana Kunlar
ana Fasllar
tog’dek yaqinlashib kelar men tomon
hozir bir harsang qularu
Quyoshning betiga sachramoq uchun
parvozga
shaylanaman
qaytadan




